O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Optika va lazer fizikasining muammo va istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasi o‘tkazildi

27 октябрь 2023

2023 yilning 26 oktyabrida Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida xorijiy olimlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan «Optika va lazer fizikasining muammo va istiqbollari» respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanning maqsadi optika, lazer fizikasi, kondensirlangan holatlar fizikasi sohalaridagi bilimlarning ham fundamental tadqiqotlar bo‘yicha, ham amaliy ishlanmalar bo‘yicha zamonaviy holatini muhokama etish hamda nano- va mikroelektronika, zamonaviy tibbiyot, asbobsozlik, lazer texnologiyasi sohalarida ustuvor masalalarini yechish uchun fundamental tadqiqotlar yutuqlarini qo‘llash maqsadida ushbu sohaning yanada istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlashdan iborat bo‘ldi.

Anjuman mavzusi quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi:
  • Nanomateriallar optikasi va spektroskopiyasi;
  • Lazer fizikasi, lazer texnologiyalari;
  • Kondensirlangan muxitlar fizikasi;
  • Optik qurilmalar va metodlar.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidumidan vakillar, Rossiya Fanlar akademiyasi Metallar superplastikligi muammolari instituti (Ufa, Rossiya), Ufa fan va texnika universiteti (Ufa, Rossiya), Fizika-texnika instituti (Tojikiston), Belarus davlat universiteti (Belarus Respublikasi), Rossiya Fanlar akademiyasi P.N.Lebedev nomidagi Fizika instituti (Moskva, Rossiya), Akademik B.G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti (Tojikiston), Jalolobod davlat universiteti (Qirg‘iziston), O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi, O‘zRFA Fizika-texnika instituti, O‘zRFA Yadro fizikasi instituti, O‘zR Oliy ta'lim, fan va Innovatsiyalar vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari va mutaxassislari hamda respublikamizning yirik OO‘Yulari, jumladan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Qarshi davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Muxammad-al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Samarqand davlat universiteti, Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, magistr va talabalari ishtirok etishdi.

Anjumanda muhokama etilgan ilmiy natijalar optika, lazer fizikasi va qattiq jismlar fizikasining zamonaviy holatini namoyon etdi. Anjuman ishida turli ilmiy markazlar olimlarining ishtirok etishi fizikaning bu yunalishlaridagi dolzarb muammolarini hamda xalqaro va mahalliy ilmiy-texnikaviy dasturlar doirasida turli mamlakatlar tadqiqotchilarining hamkorlik qilish imkoniyatlarini aniqlashga imkon berdi.

Optika va lazer fizikasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyaning o‘tkazilishi ushbu fan yo‘nalishidagi o‘zbek maktabini yanada rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, jahon ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirishga ilmiy-amaliy sohani rag‘batlantirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim muammolaridan bo‘lgan quyosh energetikasi, tibbiyot va elektronika uchun yangi materiallar olish texnologiyalari kabi ustuvor muammolarini hal yetishda olimlarimizning faol ishtiroki tobora ortib bormoqda. Anjuman O‘zbekistonda fundamental va amaliy tadqiqotlarni yanada rivojlantirishga ham, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va sanoat korxonalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash muammosini hal yetishga ham katta hissa qo‘shdi.

ФОТО: