
2025-yilning 21-23-may kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, Jahon bankining MUNIS Loyihasi hamda U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti hamkorligida Toshkent shahrida “Advanced Materials and Energy Storage Systems” (Ilgʻor materiallar va energiyani saqlash tizimlari) mavzusida xalqaro konferensiyasi (Workshop) oʻtkazildi.
21-may kuni U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida “Advanced Materials and Energy Storage Systems” (Ilgʻor materiallar va energiyani saqlash tizimlari) xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi oʻtkazildi. Anjumanni Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutit direktori professor X.B.Ashurov ochib berdi. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-matematika va texnika fanlari bo‘limi rahbari akademik S.A.Baxramov so‘zga chiqib, anjuman ishtirokchilarini tabrikladi.
Anjumanda soha bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya, Yaponiya, Pokiston hamda Turkiya davlatlaridan 20 dan ortiq xorijiy mehmonlar hamda Respublikaning yetakchi olimlari, tayanch doktorantlar va yosh olimlari istirok etdi.
Konferensiya doirasida materialshunoslik sohasidagi so‘nggi yutuqlar va ularni energiya saqlash texnologiyalarida qo‘llash, zamonaviy materiallar, innovatsion sintez usullari va yangi avlod energiya saqlash tizimlariga bagishlangan 20 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi.
Institutda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida ilmiy laboratoriyalarga ekskursiya tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti hamda Xitoyning Xebey provinsiyasidagi Xebey Texnologiya Universitetining Materialshunoslik va muhandislik bo‘yicha oliy maktabi va Ilg‘or materiallar bo‘yicha Xalqaro qo‘shma tadqiqot markazi (XQTIM) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Shuningdek, Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mirtemir Kurbanovga Xebey texnologiyalari universitetining “taklif qilingan professor” unvoni topshirildi.
Mamlakatimiz tarixi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida konferensiya ishtirokchilari uchun ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga sayohat uyushtirildi.








