
2025-yilning 10-yanvar kuni institutning “Kondensirlangan muhit optikasi” laboratoriyasi mudiri f.-m.f.d. V.O.Quvondiqov Yoshlar radiosi kanalida Yoshlar bilan jonli muloqot rukunida ishtirok etdi. Muloqotning maqsadi bugungi kunda oʻzbek ilm-fanini rivojlantirish, ilm-fan bilan shugʻullanayotgan yoshlarimiz uchun mamlakatimizda yaratilayotgan sharoitlar, ularning intelekt va qobiliyatidan unumli foydalanish borasidagi ishlar toʻgʻrisida suhbat uyushtirildi.
Muloqot davomida V.O.Quvondiqov institut faoliyati, olib borilayotgan tadqiqotlar va erishilayotgan yutuqlar, Xitoy, AQSh, Italiya, Bellorusiya, Isroil va Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlarning nufuzli ilmiy markazlari bilan olib borilayotgan oʻzaro manfaatli ilmiy hamkorliklar toʻgʻrisida ma'lumot berdi. Qolaversa institutdagi yosh olimlarning erishayotgan yutuqlari, dissertasiya himoyalari toʻgʻrisida va yoshlarga tavsiya sifatida oʻz fikrlarini aytib oʻtdi.
Undan tashqari bevosita oʻzi rahbarlik qilayotgan laboratoriyada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.
Soʻngi yillarda organik quyosh elementlari oddiy sintez usuli, murakkab boʻlmagan ishlab chiqarish texnologiyalari, egiluvchanligi, engilligi, chop etish usulida ishlab chiqarilishi va arzon materiallar ishlatilishi kabi bir qator ijobiy xususiyatlari hisobiga sanoat miqyosida ishlab chiqarishga oshib borayotgan qiziqish uygʻotib tadqiqotchi va sanoat mutaxassislari e'tiborini tortmoqda. Yupqa polimer qoplamaga asoslangan quyosh elementlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan organik moddalarning kimyoviy tarkibini kichkina oʻzgartirish hisobiga qurilmaning fizikaviy xususiyatlarini kerakligicha oʻzgartirish imkoni boshqa turdagi quyosh elementlariga qaraganda anchagina yuqori baholanadi. Ushbu ilmiy amaliy yondoshuvlarni amalga oshirish uchun bunday turdagi fotolementlar asosini tashkil qiluvchi faol qatlam tarkibidagi donor/akseptor xususiyatli materillarning strukturaviy, optik va elektron-tebranish xossalarini oʻrganish, hamda faol qatlam strukturalarida yorugʻlik uygʻonishlari va zaryadlar koʻchishi jarayonining fundamental fizik manzarasini aniqlash boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Biz oʻtgan 2024-yilda amalga oshirgan tadqiqotlarimizda uch komponentali politiofen donor va fullerensiz akseptordan iborat arzon materiallar asosida laboratoriya sharoitida 10% dan yuqori fotovoltaik koʻrsatkichlarga ega organik quyosh elementi strukturasini oldik. Ushbu yoʻnalishda kelajakda amalga oshiriladigan tadqiqotlarda yangi materiallar asosida samaradorligi nisbatan kichik boʻlsada tan narx jihatdan arzon organik quyosh elementlari namunalarini ishlab chiqishga, ularning samaradorligi va degradasiya muammolarini hal qilishga qaratilishi kutilmoqda.
Qolaversa jonli efirda kuzatib turgan tinglovchilarni qiziqtirgan savollariga ham javob berdi.